100 daqiqadan ortiq davom etgan asabiy oʻyin va alamli magʻlubiyat
Futbol shunday oʻyinki, u sizni bir zumda quvonchga yoki buning aksi oʻlaroq quvonchsizlikka solib qoʻyishi mumkin.
Superliganing 6-turidan oʻrin olgan “Andijon” va “Dinamo” oʻrtasidagi oʻyini ancha vaqtgacha yodda qoladigan boʻldi. Futbol 90 daqiqa davom etadi, qoʻshimcha vaqtlari bilan esa baʼzida bu raqam 94 yoki 95 boʻlishi mumkin, “Bobur arena”da esa futbol 100 daqiqadan ortiq davom etdi. Bunday yuz berishi albatta VAR bilan bogʻliq edi. Chunki koʻp toʻxtalishlar oʻyin ritmiga taʼsir koʻrsatmasdan qolmadi. Muxlislarning ham eʼtirozlariga sabab boʻldi. Juda asabiy, ogʻir oʻtgan uchrashuv sifatida hali koʻp eslanadi.
Bahsda uchta gol kiritildi va barchasi tanaffusdan keyin sodir boʻldi. Avvaliga 66-daqiqa oʻtib borayotganida “Dinamo” futbolchisi Ulugʻbek Abdullayev hisobni ochdi. 81-daqiqada burchakdan uzatilgan toʻpdan keyin Luka Uskokovich muvozanatni tiklagandi. 90+13-daqiqada esa “Dinamo” gʻalaba golini urib ketdi. Tasavvur qilyapmizmi, 90+13-daqiqada! Hakam esa toʻxtalishlar uchun 9 daqiqa qoʻshgandi. Uni orasida VARga vaqt sarfladi. Bu uchrashuvda VAR asosiy oʻringa chiqdi. Chunki asosiy voqealar aynan VAR bilan bogʻliq boʻldi.
Birinchi boʻlimda “Andijon”ning xavfli hujumlaridan birida Doniyor Abdumannopov raqib jarima maydoni ichiga kirib borayotganida himoyachi bilan kontakt yuzaga keldi va Abdumannopov yiqildi. Ushbu vaziyat ancha bahsli holatga oʻxshadi. Lekin hakam penalti belgilamadi va oʻyinni davom ettirdi.
Ikkinchi taymdagi shiddat kuchli edi. “Dinamo”ning golidan soʻng “Andijon” oʻyinga yanada qoʻshdi va kuchli shturmlar uyushtirishga kirishdi. Kerakli oʻzgarishlar ham amalga oshirildi. Bunday jiddiy hujumlarning biri albatta gol bilan yakunlandi. Vaqt oxirlar borayotganiga qaramay, “Burgutlar” ikkinchi golni kiritish payida edilar va buni amalga ham oshirdilar. Lekin Miomir Jurichkovichning goli VAR xulosasiga koʻra ofsayd deb topildi. Aynan ushbu holatda aniq qaror chiqarish uchun ham VAR bilan muloqotga ancha vaqt ketib qoldi.
Yana bir hujumda Mirzad Mexanovich jarima maydoni ichida raqib bilan toʻp uchun kurashda yiqildi va bosh hakam 11 metrlik nuqtani koʻrsatdi. Biroq yana VAR bilan muloqot ancha vaqtga choʻzildi, natijada penalti “otmen” boʻldi. 90+13-daqiqada “Dinamo” ikkinchi golni urgach ham hakam va VAR muloqoti anchagacha choʻzilib ketdi. Yakunda esa gol inobatga olindi. Tabiiyki, muxlislarga hakamning bir qancha qarorlari yoqmadi va eʼtirozlariga sabab boʻldi. Balki hakamlar qoʻmitasi yuz bergan holatlarni koʻrib chiqar!
Ha, ogʻir oʻtgan uchrashuvda juda alamli magʻlubiyat yuz berdi. Futbol baʼzida mana shunday shafqatsizdek tuyuladi. Lekin buni ham qabul qilish kerak boʻladi. Muxlislarimizga respekt. Ular magʻlubiyatdan keyin ham futbolchilarni olqishladilar va ularga ruhiy dalda boʻldilar. Biz har qanday holatda ham jamoamizga ishonamiz! Bunday alamli oʻyinlardan keyin ham futbolchilarimiz yanada kuchli boʻlib qayta olishadi. Oldinda esa “Andijon”ni Jizzaxda “Soʻgʻdiyona”ga qarshi uchrashuv kutmoqda. Omad tilaymiz!
“Andijon” – “Dinamo” – 1:2 (0:0).
20-aprel. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 14007 tomoshabin.
Hakamlar: Shavkat Nasibullayev, Amir Galeyev, Daniil Yatsenko.
Zaxira hakami: Umidjon Rahimjonov
VAR: Ibrohim Ismoilov
AVAR: Maksim Nexochin
Nazoratchi: Aleksandr Popov
Komissar: Sherzod Rajabov
“Andijon”: Eldor Adhamov, Miomir Jurichkovich, Luka Uskokovich, Abdulvohid Gʻulomov, Abdurahmon Komilov (Oleg Zoteyev, 78), Iskandar Shoyqulov, Ilhom Abdugʻaniyev (Mirzad Mexanovich, 73), Damir Temirov (Altin Kreziu, 64), Doniyor Abdumannopov (Usmonali Ismonaliyev, 64), Bektemir Abdumannonov, Rustam Turdimurodov (Islam Mashukov, 78).
“Dinamo”: Ravshan Yagudin, Jahongir Oʻrozov, Oleksand Kucherenko, Salim Mustafoyev, Ulugʻbek Abdullayev (Sanjar Qodirqulov, 74), Ferreyra, Friday (Firdavs Abdurahmonov, 64), Oybek Oʻrmonjonov, Marko Stanoyevich (Maykon, 64), Anvar Hojimirzayev (Xislat Halilov, 89), Mirjahon Mirahmadov.
Gollar: Ulugʻbek Abdullayev, 66 – 0:1. Luka Uskokovich, 81 – 1:1. Firdavs Abdurahmonov, 90+13 – 1:2.
Ogohlantirishlar: Damir Temirov, 19 – Ulugʻbek Abdullayev, 28. Ferreyra, 68.