SAYT TEST REJIMIDA!!!

Asror Aliqulov: “Andijon”ning katta kuchi – bu uning muxlislari”

Asror Aliqulov: “Andijon”ning katta kuchi – bu uning muxlislari”

“Andijon” – “Mashʼal” (1:0) oʻrtasidagi oʻyin yakunlangach, odatdagidek matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda dastlab mehmon jamoa bosh murabbiyi Asror Aliqulov ishtirok etdi.

- Birinchi navbatda Andijonda bunday muxlislik qarshisida toʻp surish futbolchilarga zavq keltiradi, deb oʻylayman. “Andijon”ning katta kuchi – bu uning muxlislari. Dastlabki daqiqalarda katta shijoat va bosim bor edi. Yigitlar tezroq bosimni yengib oʻtib, “Andijon”ning qanotlardan uzun paslariga qarshi turishlari kutilgandi. Ammo bosimni ushlab tura olmadik va boshida gol oʻtkazib yubordik. Ikkinchi boʻlimda qoʻshdik, yaxshi qarshilik koʻrsatdik. Vaziyatlar yaratdik. Oxirgi daqiqagacha ochko olishga harakat qildik. Lekin uddalay olmadik. Baribir futbolchilarga eʼtirozimiz yoʻq, ular borini berishdi. Hujum uchun kimdan foydalanishimiz kerak boʻlsa, barchasidan foydalandik. Mehnat qilgan barcha oʻyinchilarga minnatdorchilik bildiraman. 

- Oldingi turdagi yirik hisobdagi magʻlubiyatdan keyin futbolchilarni ruhan tayyorlash qiyin boʻlmadimi?

- Juda qiyin boʻldi. Ularni tezroq bosimdan chiqarishga harakat qildik. Ammo toʻgʻrisini aytish kerak, murabbiy sifatida hali oʻsha bosimdan oʻzimiz chiqa olganimiz yoʻq. Futbolchilarga yirik magʻlubiyatdan keyin Andijonda oʻynash oson emasdi. Bosimni koʻtara olish va magʻlubiyatni unutish borasida murabbiylar shtabi futbolchilarga uqtirdik. Toshkentdagi oʻyin ortda qolgandi va uni unutib, Andijondagi uchrashuvga asosiy eʼtiborni qaratdik. Boshida biroz sezildi. Lekin umumiy olganda jamoaning harakati, 90 daqiqa davomida jismoniy holatni koʻtara olganligi ham bu holatdan yengib chiqishdi. 

- Nima uchun asosiy oʻyinchilar dastlabki daqiqalardan maydonga tushmadi?

- Tajribali futbolchilarni jamoamizga kechroq taklif qildik. Dilshod Rahmatullayevni asosiy tarkibda tushirdik. Sherzod Fayziyevga ham imkoniyat bermoqchi edik, ikkilandik. Oʻyin amaliyoti kamroqligi hisobidan boshqa oʻyinchiga imkoniyat berishga qaror qildik. Sherzodni ikkinchi boʻlimda tushirdik va biz murabbiylar shtabi uning oʻyinidan qoniqdik. Mashgʻulotlarda hammasi joyida boʻlsa, u keyingi oʻyindan asosiy tarkibda oʻynaydi. Bugungi oʻyini bilan asosiy tarkibda oʻynay olishini isbotladi.

- Legionerlar qaydnomaga kiritilmadi. Bunga nima sabab?

- Salifuda kichik jarohat bor. Unga dam berishga qaror qildik. Keyingi uchrashuvga tiklana olsa, yordam berishi mumkin. 

- 4 ta turda bir gʻalaba va uch magʻlubiyat. Bosh murabbiy sifatida faoliyatingizdan qoniqyapsizmi?

- Bu tomonlama hech qachon qoniqmaysiz. Chunki jamoani oʻyinga tayyorlaymiz, yaxshi oʻyin koʻrsatishiga umid qilamiz. Qaysidir holatda futbolchilar ham, biz ham xatoga yoʻl qoʻyamiz. 4 ta oʻyindan 3 tasida magʻlubiyat – bu har bir murabbiy uchun ogʻir. Superliga startida bizga tajribaliroq jamoalar toʻgʻri kelib qoldi. “Andijon” ham tarkibida yaxshi futbolchilarni yigʻdi. Chunki OCHLda yurtimiz shaʼnini himoya qiladi. Birin-ketin kuchli jamoalarga qarshi oʻynayapmiz. Toʻgʻri, “Paxtakor” bilan uchrashuvda xatolikka yoʻl qoʻydik. Futbolchilarimizga tushuntira olmadik. 2:0 dan keyin boshqacha yoʻl tutishimiz kerak edi. Aybni oʻz zimmamga olaman. Katta magʻlubiyatdan keyin Andijonga yutqazgani kelganimiz yoʻq. Bu degani bizda ham oʻyin uchun reja bor edi. Agar gol urganimizda vazifani bajarishdi, deb aytishimiz mumkin edi. Oʻz imkoniyatidan baland oʻynashdi, desam toʻgʻri boʻladi. Hech kimga eʼtirozim yoʻq. 

- Jamoa sardori Xumoyun Murtazoyevning oʻyinlarida qandaydir pasayish yuzaga keldi...

- Oʻtgan yili pro ligada safimizda ishtirok etdi. Undan oldin “Turon”da oʻyin amaliyotisiz qolgandi. Pro ligadan Superligaga kirishib ketish oson emas. Lekin Xumoyun jamoani yetaklashga harakat qilyapti, intilyapti. Baribir tezlik borasida texnik tomonlama biroz muammolar sezilyapti. Balki uni yoshini ham hisobga olishimiz kerak. Hozir Superligada oʻynash oson emas. Bu degani ligada saviya ancha oshgan.

 

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest