Aleksandr Xomyakov: “Qo'qon-1912”ni autsayder deb hisoblamayman”
Superliganing ilk turidan o'rin olgan “Qo'qon-1912” – “Andijon” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida dastlab jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ishtirok etdi.
- Avvalambor, chempionat boshlangani bilan barcha muxlislarni qizg'in tabriklayman. Umid qilamanki, navbatdagi birinchilik tomoshabop va kurashlarga boy ruhda o'tadi. Bevosita o'yinga kelsak, birinchi turda har qanday jamoa ruhan hayajonlanadi. Ehtiyotkorlikka urg'u berilgani bois u yoki bu klub tomonidan xavfli vaziyatlar ko'p ham yuzaga kelmaydi. Qo'qon jamoasi menga yoqdi. Maydon egalari bo'lganlari bois ular uchrashuvda tashabbusni o'z qo'llarida saqlashga harakat qilishdi. Xullas, ruhiy jihat birinchi planga chiqqan bahsda tomonlar xatoga yo'l qo'ymaslikka harakat qilishadi va buni bugun guvohi ham bo'ldik. Albatta, imkoniyatlarimiz bo'ldi. Ammo jangovar durang.
- Pro ligadan chiqqan jamoa maydonida qayd etilgan durang bo'ldi. Debyutantga qarshi yo'qotilgan ikki ochko borasida nima deya olasiz?
- Men bunday deb hisoblamayman. Bugungi kunda har bir jamoa futbol o'ynashni biladi. Birinchi o'yin, uy stadioni. Boya aytganimdek, “Qo'qon-1912” jamoasi menga yoqdi. Mezbonlar g'alaba uchun astoydil harakat qilishdi. Ba'zi vaziyatlarda bizni shoshirib ham qo'ya oldilar. Lekin vaqtida amalga oshirilgan almashtirishlar tufayli o'yin tenglashgandek bo'ldi. Ochig'ini aytaman, jamoamizning ayrim vaziyatlardagi harakatlaridan qoniqmadim va men buni o'ziga yarasha saboq deb hisoblayman. Bundan esa albatta xulosa chiqarib olamiz. “Qo'qon-1912”ni autsayder deb hisoblamayman. Natija esa o'yinga har tomonlama mos.
- Birinchi bo'limda “Andijon” tajovuzkor o'ynadi. Lekin ikkinchi bo'limda bunday bo'lmadi.
- Birinchi bo'limda ikkala jamoa vakillari asabiylashgani shundoq sezilib turdi. Mana shuning evaziga juda tomoshabop futbol bo'lgani yo'q. Ikkinchi bo'limga kelsak, bir qator futbolchilarimiz o'yindan uzilib qolganlari uchun almashtirishlarni amalga oshirdik. To'g'ri, bo'limning dastlabki 15 daqiqasida nazoratni o'z qo'limizda ushlagan bo'ldik, keyin esa to o'yin tugaguncha himoyalandik. Aytmoqchimanki, almashtirishlardan ko'proq maydon egalari yaxshiroq foydalana oldilar. Biz esa buni uddalay olmadik.