“Andijon” raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi
Aleksandr Xomyakov jamoasi 13-fevral kungi ikkinchi uchrashuvi oqshomga yaqin Antaliyadagi “Titanik” nomli maydonda oʻtkazildi. 29-yanvar sanasida “Andijon” xuddi shu maydonda Ukrainaning “Vorskla” klubiga qarshi maydonga tushib 4:3 hisobida gʻalaba qozongandi. Bu safar Qozogʻistonning “Shaxtyor”i bilan kuch sinashdi va ustunlikka erishganini amalda isbotladi.
“Burgutlar” oʻyinni juda shiddatli hamda tajovuzkor koʻrinishida boshladi va deyarli bahs mobaynida ushbu jihatni oʻz oʻyinida saqlab qola oldi.
Maydonga kuchli ishtiyoq bilan tushgan jamoamiz aʼzolari har jabhada raqibdan kuchli ekanligini namoyish etdi. Uchrashuvning koʻp qismida “Andijon” raqib jarima maydoni ichida boʻldi va xavfli vaziyatlarni yaratdi. Shu bois mazkur oʻyinda “Shaxtyor” darvozaboni va himoyachilariga qiyin boʻldi. Futbolchilarimiz esa raqibga imkoniyat qoldirmadi.
“Andijon”ning gollari esa uchrashuv oxirlariga yaqin kiritildi. Avvaliga Abdulvohid Gʻulomov oʻz qanotidan tezlik bilan oldinga bordi va markazga yaqin joydan Rustam Turdimurodovni toʻp bilan taʼminladi. Hujumchi esa oʻzi uchun yaratilgan imkoniyatni golga aylantirishga erishdi.
Oradan koʻp oʻtmasdan endi yarim himoyachi Ilhom Abdugʻaniyev ham raqib darvozasini ishgʻol qildi. Markazda Turdimurodov Abdugʻaniyevni pas bilan taʼminladi. Himoyachining xatosidan keyin Ilhom uzoq masofadan raqib darvozasining ojiz nuqtasini topa oldi.
Shu tariqa, “Andijon” raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va haqli ravishdagi gʻalabaga erishdi.
Endi “Burgutlar”ning navbatdagi uchrashuvi 17-fevral sanasiga belgilangan boʻlib, shu kuni Polshaning “Vishista Krakov” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
“Andijon” – “Shaxtyor” (Qozogʻiston) – 2:0 (0:0).
13-fevral. Antaliya. “Titanik” stadioni.
Bosh hakam: Sergey Nojenko.
Yordamchi hakamlar: Rinat Yakbarov. Nurjan Junusov.
Zaxira hakami: Sergey Sultangaliyev (barchasi – Qozogʻiston).
“Andijon”: Eldor Adhamov, Abubakir Ashurov, Islom Mamatkazin, Abdulvohid Gʻulomov, Abdurahmon Komilov, Shoxjahon Yorqinboyev, Altin Kreziu, Ilhom Abdugʻaniyev, Sardor Azimov, Doniyor Abdumannopov, Rustam Turdimurodov.
Ikkinchi boʻlimda maydonga tushganlar: Muhammadkarim Toirov, Rustam Turdimurodov, Iskandar Shoyqulov.
“Shaxtyor: Igor Shaskix, Mixail Gabishev, Oljas Kerimjanov, Aleksandr Migunov, Elxan Saidov, Mansur Dilmurat, Rafael Ospanov, Ualixan Muxametjanov, Rifat Nurmugamet, Ansar Altinxan, Aydos Tattibayev.
Gollar: Rustam Turdimurodov, 80 - 1:0. Ilhom Abdugʻaniyev, 84 – 2:0.