SAYT TEST REJIMIDA!!!

Tanishing: raqibimiz – “Vorskla” klubi haqida

Tanishing: raqibimiz – “Vorskla” klubi haqida

“Andijon” klubi Antaliya yigʻini doirasidagi oʻzining ikkinchi uchrashuvini Ukrainaning “Vorskla” jamoasiga qarshi oʻtkazadi. Bu nom muxlislarimiz uchun begona emas. Harqalay ozmi-koʻpmi mazkur klub haqida eshitishgan. 

Aytish lozimki, Ukraina futbolida oʻz oʻrniga va tarixiga ega boʻlgan klub sanaladi. Biz bu safar mazkur boʻlajak raqibimiz haqida toʻxtalib oʻtamiz.

Poltava shahri sharafini himoya qiluvchi “Vorskla” 1955-yilning 5-yanvar sanasida tashkil topgan. Demak, bu yil ushbu jamoa tashkil etilganiga 70 yil toʻldi.

“Vorskla” Ukraina premyer-ligasi ishtirokchisi sanaladi. Ayni paytda klub 16 ta ishtirokchi orasida 17 ta oʻyinda 4 gʻalaba, 4 durang va 9 magʻlubiyat qayd etib, toʻplar nisbati 15\25 koʻrinishida boʻlib, 16 ochko bilan 12-oʻrinni band etib turibdi.

Jamoa hozirda mavsumning ikkinchi qismiga tayyorlanmoqda. “Vorskla” chempionatning navbatdagi oʻyinini 22-fevral kuni 18-tur doirasida safarda “Obolon”ga qarshi oʻtkazadi. 

“Transfermakrt”dagi maʼlumotga tayanadigan boʻlsak, klubning eng qimmat futbolchisi ukrainalik yarim himoyachi Ilya Krupskiy boʻlib, 21 yoshli futbolchining narxi 1 million yevroni tashkil qiladi. Shuningdek, Mali, Kosovo, Nigeriyadan kelgan legionerlari bor. Ayni paytda Antaliya yigʻini davomida ham klub safida bir qator yangi oʻyinchilar qatnashishyapti.

2024-yilning  24-oktyabr kuni “Vorskla”ga Yuriy Maksimov bosh murabbiy etib tayinlangan. 56 yoshli ukrainalik mutaxassis boshchiligida “Vorskla” hozirga qadar Ukraina premyer-ligasi, UYEFA Liga Konferensiyasi va Ukraina Kubogida hammasi boʻlib 10 ta oʻyin oʻtkazgan. Shundan 2 tasida gʻalaba, 1 durang va 7 magʻlubiyat qayd etilgan. 

“Vorskla” erishgan yutuqlar ham bor. Jumladan, ikki marta Ukraina bronzasini qoʻlga kiritgan. Bir marta Ukraina Kubogini yutgan va yana ikki marta finalda oʻynagan. 

Klub Yevropa ligasida 6 yil ilgari “Arsenal”, “Sporting” kabi klublarga qarshi maydonga tushgan. Oʻshanda ushbu jamoalar bilan “Е” guruhida ishtirok etgan. 

“Vorskla” uy oʻyinlarini “Oleksey Butovskiy” nomli stadionida oʻtkazadi. 1951-yilda qurib bitkazilgan arena oʻz bagʻriga 23842 nafar muxlisni sigʻdira oladi. 

“Andijon” – “Vorsklа” qarama-qarshiligi 29-yanvar kuni Antaliyadagi “Titanik” nomli stadionida mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da boshlanadi. Toshkent vaqtiga esa 18:00 ga toʻgʻri keladi.



 

Share on Facebook Share on Twitter Share on Pinterest